Andijonda IIB profilaktika inspektori pichoqlanishi oqibatida vafot etdi

Hozirda gumondor voqea joyidan yashiringan, uni aniqlash bo‘yicha tezkor-qidiruv tadbirlari amalga oshirilmoqda.

Andijon viloyatining Xo‘jaobod tumani, “Yuksalish” mahallasidagi xonadonda janjal bo‘layotganligi haqida 1-iyul kuni soat 20:50 larda 102 qisqa raqamiga kelib tushgan xabar bo‘yicha hudud profilaktika inspektori katta leytenant A.Abduvaliyev voqea joyiga yetib borgan.

Aniqlanishicha, 1960-y.t. fuqaro Y.X. mast holda o‘z oila aʼzolariga xo‘jalik pichog‘i bilan tahdid solayotgan bo‘lgan. Hujumchini zararsizlantirish jarayonida Y.X. qo‘lidagi pichoq bilan katta leytenantning ko‘krak qismiga zarba berib, og‘ir tan jarohati yetkazgan.

Olgan jarohati natijasida ko‘rsatilgan yordamga qaramasdan A.Abduvaliyev shifoxonaga olib ketilayotgan vaqtida vafot etgan.

Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda gumondor Y.X. voqea joyidan yashiringan, uni aniqlash va qo‘lga olish bo‘yicha tezkor-qidiruv tadbirlari amalga oshirilmoqda.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling