Yerni koʻp kvartirali uy-joy qurish uchun ijaraga olgan yuridik shaxslar yer soligʻini toʻlashdan ozod qilinadi

2025-yil 1-maydan “Yangi Oʻzbekiston” massivlarini barpo etish doirasida bir qator tartiblar oʻrnatiladi

Prezident farmoni bilan, 2025-yil 1-maydan “Yangi Oʻzbekiston” massivlarini barpo etish doirasida bir qator tartiblar oʻrnatiladi, deb xabar berdi Adliya vazirligi.

Jumladan, yer uchastkalarini koʻp kvartirali uy-joylar qurish uchun ijaraga berish boʻyicha auksion savdolarida qatnashish, koʻp kvartirali uy-joylarni qurish va ularni realizatsiya qilishga faqat QQSni toʻlovchi yuridik shaxslarga ruxsat etiladi.

Yer uchastkalarini koʻp kvartirali uy-joylar qurish uchun ijaraga berish boʻyicha auksion savdolari ofertasida loyiha oldi hujjatlari tayyorlashga 15 kunlik, loyiha ishlarini bajarishga 2 oylik va qurilish ishlarini boshlashga 3 oylik muddat belgilanadi, shuningdek, unda qurilishni yakunlash va obyektni foydalanishga qabul qilish muddatlari koʻrsatiladi.

Shuningdek, auksion savdolarida yer uchastkasini koʻp kvartirali uy-joy qurish uchun ijaraga olgan yuridik shaxslar ijaraga olgan paytdan boshlab 12 oy davomida ushbu yer uchastkasi boʻyicha yer soligʻini toʻlashdan ozod qilinadi.

2025-yil 1-martdan “Yangi Oʻzbekiston” massivlarida koʻp kvartirali uy-joylar qurilishini amalga oshiruvchi qurilish tashkilotlariga aylanma mablagʻlarini toʻldirish uchun 12 oylik imtiyozli davr bilan 24 oy muddatga Markaziy bankning asosiy stavkasidan koʻpi bilan 2 foiz bandga yuqori stavkada kreditlar ajratiladi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling