Navoiyda noqonuniy tarzda qum-shagʻal qazib olgan shaxslar 128 mln soʻm jarimaga tortildi

Yuk transport vositalari vaqtinchalik jarima maydonchasiga joylashtirildi

Navoiy viloyati Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi boshqarmasi Tomdi tuman boʻlimi tomonidan navbatdagi reyd tadbirlari oʻtkazildi. Bu haqda Ekologiya vazirligi xabar berdi.

Reyd davomida fuqarolar A.S, S.A, F.K, F.Y., U.Y. va J.O. tomonidan oʻz boshqaruvidagi yuk mashinalari yordamida noqonuniy ravishda tumanning “Tomdibuloq” OFY hududidan qum-shagʻallar hech qanday ruxsatsiz noqonuniy yuklab olib ketilayotganligi aniqlandi.

Holat yuzasidan huquqbuzarlarga nisbatan MJtKning 70-moddasi 1-qismi bilan maʼmuriy bayonnomalar rasmiylashtirilib, jami bazaviy hisoblash miqdorining 120 baravari – 45 million soʻm jarima qoʻllanildi.

Shuningdek, qum-shagʻal qazib olinishi natijasida tabiatga jami 83 million 700 ming soʻm miqdorida zarar yetkazilganligi aniqlandi.

Huquqbuzarlar qilmishlari uchun jami 128 million 700 ming soʻm tovon toʻlaydigan boʻldi.

Qolaversa, tegishli yuk transport vositalari vaqtinchalik jarima maydonchasiga joylashtirildi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling