Toshkentda advokat 20 ming, bank yuristi 15 dollar olayotganda ushlandi

Holat yuzasidan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda

Toshkentda advokat 20 ming, bank yuristi 15 dollar olayotganda ushlandi, deb xabar bermoqda OʻzA.

Maʼlum qilinishicha, advokatlik firmasi advokati 1999-y.t. shaxsga nisbatan 2024-yilda jinoyat ishlari boʻyicha Yashnobod tuman sudining hukmi bilan tayinlangan 10 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi boʻyicha hozirda shahar sudining kassatsiya instansiyasida koʻrilayotgan shikoyatni mansabdor tanishlari orqali ijobiy hal qilib berishni vaʼda qilgan.

U tayinlangan jazoni 4 yil muddatga kamaytirib berishni aytgan. Buning evaziga har bir yil uchun 5 ming dollardan — jami 20 ming dollar olgan vaqtida ushlandi.

Shuningdek, mazkur ishga aloqador boʻlgan, Toshkentdagi banklardan birining yuristi ham advokatdan 15 ming dollar olgan vaqtida ushlandi.

Tergovga qadar tekshiruv davomida, bank yuristi prokuratura organlaridagi qarindoshi orqali yordam bermoqchi boʻlganligi aniqlanib, hozirda bu borada tegishli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Holat yuzasidan advokat hamda yuristga nisbatan Jinoyat Kodeksining 25,168-moddasining 4-qismi “a” bandi va 28,211-moddasining 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling