O‘zbekistonda Al-Beruniy nomidagi xalqaro maktab-internat faoliyati yo‘lga qo‘yiladi

“Prezident iqtidorli farzandlari” tashabbusi va uni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha milliy dastur amalga oshiriladi

Prezidentning “Prezident iqtidorli farzandlari” tashabbusini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.

Farmonni qabul qilishdan ko‘zlangan asosiy maqsadlar etib quyidagilar belgilandi, jumladan:

  • iqtidorli yoshlarni barvaqt aniqlash va ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash orqali mamlakatda inson kapitalini rivojlantirish;
  • yoshlar bilan manzilli ishlash orqali global mehnat bozorida raqobatbardosh bo‘lgan mutaxassislar tayyorlash hamda mamlakat taraqqiyoti uchun yangi innovatsion imkoniyatlar yaratish.

Farmonga ko‘ra, “Prezident iqtidorli farzandlari” tashabbusi va uni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha milliy dastur amalga oshiriladi. Ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalari agentligi tizimida Al-Beruniy nomidagi xalqaro maktab-internatni tashkil etiladi.

Shuningdek, Iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash hamjamiyati faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Farmonga ko‘ra, Maktabda o‘quv jarayoni 2025/2026 o‘quv yilidan boshlanadi.

Maktab bitiruvchilariga davlat namunasidagi taʼlim to‘g‘risidagi hujjat (shahodatnoma) bilan bir qatorda yetakchi xorijiy oliy taʼlim tashkilotlariga o‘qishga kirish imkonini beruvchi xalqaro taʼlim dasturi diplomi (International Baccalaureate) beriladi.

O‘quvchilar bilan individual ishlash tizimi joriy etilib, 1 nafar maslahatchi va pedagogga to‘g‘ri keladigan o‘quvchilar soni nisbatining cheklangan normativiga mutanosib ravishda 1:15 va 1:8 nisbatlar qo‘llanadi.

Maktabda taʼlim jarayoni variativ o‘quv rejalar asosida amalga oshiriladi hamda o‘quvchilar ingliz tilidan tashqari kamida yana bitta qo‘shimcha xorijiy tilga o‘qitiladi. Maktabda Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan o‘qitiladigan o‘quvchilarning umumiy cheklangan soni 180 nafarni tashkil etadi.

O‘quvchilarga ilmiy-tadqiqot va innovatsion startap loyihalar hamda boshqa ijtimoiy loyihalar bo‘yicha o‘zining portfoliosini shakllantirishga ko‘mak beriladi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling