Uch hududda fuqarolarni AQSH, Koreya va Yaponiyaga yuborishni vaʼda qilgan shaxs ushlandi

Mazkur holatlar yuzasidan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda

Xorijiy davlatlarga ishga yuborishni vaʼda qilgan firibgarlar ushlandi, deb xabar bermoqda Bosh prokuratura huzuridagi Departament.

Payariq tumanida oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvda fuqarolar S.Sh. (muqaddam sudlangan) va D.E. oʻzaro til biriktirib, fuqaro X.A.ning ishonchiga kirib, Amerika Qoʻshma Shtatlariga ishga yuborishlarini vaʼda qilishib, buning uchun 18 000 AQSH dollari miqdorida xarajat qilganliklarini aytib, evaziga X.A.ning “Toxirshayx” mahallasida joylshagan uy-joyini firibgarlik yoʻli bilan rasmiylashtirib olishga erishganliklari aniqlangan.

Gʻallaorol tumanida muqaddam firibgarlik va boshqa jinoyatlari uchun sudlangan M.I. fuqaro O.P.ning ishonchiga kirib, uni Koreya davlatiga ishga yuborishi evaziga 12 600 AQSH dollarini firibgarlik yoʻli bilan qoʻlga kiritganligi aniqlangan.

Yashnobod tumanida fuqarolar M.O. va D.A. fuqaro T.B.ning ishonchiga kirib, unga Yaponiya davlatiga ishga yuborishi uchun viza olib berishini aytib, evaziga 2 500 AQSH dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlanganlar.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling