O‘zbekistonning Turkiyadagi elchisi Alisher Agzamxodjayev Oliy Majlis Senatining Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasi raisi etib tayinlandi.
Sirdaryo viloyatida tug‘ilgan 67 yoshli senator 2017-2025-yillarda O‘zbekistonning Turkiyadagi, 2018-yildan buyon esa bir vaqtning o‘zida Bolgariyadagi Favqulodda va Muxtor elchisi lavozimlarida ishlagan.
Diplomat 1980-yilda Toshkent davlat universitetining (hozirgi O‘zbekiston Milliy universiteti) huquqshunoslik fakultetini tamomlagan. Ish faoliyati davomida “Toshkentmebel” ishlab chiqarish birlashmasida huquqshunos hamda turli davlat idoralarida masʼul lavozimlarida faoliyat ko‘rsatgan.
1990-1995-yillarda xalq deputati, O‘zbekiston Oliy Majlisi Yoshlar masalalari qo‘mitasi raisi bo‘lgan. Keyinchalik Tashqi ishlar vazirligi tizimida, jumladan, xorijdagi elchixonalarda ishlab, ishlab chiqarish korxonalariga rahbarlik qilgan.