Kun.uz nashri 26 oktyabr tunida Komil Allamjonovga qurolli hujum uyushtirilgani haqida xabar berdi.
Bosh prokuratura vaziyat boʻyicha izoh berdi.
26-oktyabr kuni soat 01:40 larda fuqaro S.S.ning boshqaruvidagi “Range Rover” rusumli avtomashina Qibray tumani, Ifor koʻchasi boʻylab harakatlangan vaqtida 2 nafar nomaʼlum shaxslar mazkur avtomashinaga oʻqotar qurolidan bir necha marotaba oʻq uzib, nomaʼlum tomonga yashirinishgan. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar berdi.
Ushbu holatda biror-bir shaxs tan jarohati olmagan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 25,97-moddasi (Qasddan odam oʻldirishga suiqasd qilish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi.
Gumon qilinuvchi shaxslarni aniqlash va ushlash yuzasidan tezkor-qidiruv tadbirlari amalga oshirilmoqda.
Hozirda tegishli idoralarning malakali xodimlaridan iborat tezkor-tergov guruhi tuzilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling