FVV is gazidan zaharlanishning oldini olish boʻyicha tavsiyalar berdi

Agar xonada gaz hidi sezilsa darhol xonani shamollatish kerak

7-noyabr kuni FVV, “Hududgaztaʼminot” AJ, Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi mutasaddilari ishtirokida oʻtkazilgan matbuot anjumanida is gazidan zaharlanishning oldini olish boʻyicha tavsiyalar berildi.

Fuqarolardan quyidagilarga rioya qilish soʻralgan:

- tashqi himoya qobiqlari shikastlangan elektr sim va kabellardan foydalanmang;

- elektr xoʻjaligida ortiqcha yuklanish va elektr simlarning qisqa tutashuvidan sodir boʻlishi mumkin boʻlgan yongʻinlarning oldini olish lozimligi sababli sifat sertifikatiga ega boʻlgan himoya saqlagichlaridan (avtomatlardan) foydalaning;

- isitish pechlarining dudburonlarini tozalash, sozlash va ularni qoida talablari asosida oʻrnatish boʻyicha xizmat koʻrsatuvchi maxsus tashkilotlarga murojaat qilish va ular tomonidan lozim darajada xizmat turlarining bajarilishiga erishing;

- isitish pechlarini haddan ziyod qizdirib yubormang;

- gaz va elektr isitish moslamalarini nazorat qilishni yosh bolalarga topshirmang;

- gaz taʼminoti idoralari mutaxassislarini jalb etgan holda gaz jihozlarini taftishdan oʻtkazib, ularga texnik xizmat koʻrsatilishini tashkil eting;

- gaz uskunalarini ulash boʻyicha tartib-qoidalarga rioya qiling;

- yonuvchi materiallarni gaz plitalari ustida quritmang;

- gaz isitish moslamalaridan xavfsizlik avtomatikalari (gazning oʻchib, qayta kelishini nazorat qiluvchi moslama) orqali foydalaning va ularning doimiy sozligiga eʼtibor bering.

“Agar xonada gaz hidini sezsangiz, chiroq va uchqun chiqaruvchi moslamalardan foydalanmang, darhol xonani shamollatish chorasini koʻring. Bu haqda “104” raqami orqali gaz xizmatiga, yongʻin sodir boʻlgan taqdirda, yongʻin-qutqaruv xizmatining “101” telefon raqamiga xabar bering”, – deyiladi xabarda.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling