“Tavhid va jihod katibasi” xalqaro terroristik tashkiloti tarafdoriga hukm o‘qildi

Mazkur fuqaro aybdor deb topilib, 8 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Andijon tumanida yashovchi, 1997-y.t. fuqaro 2023-yildan boshlab “Tavhid va jihod katibasi” xalqaro terroristik tashkilotining media targ‘ibotchilari taʼsiriga tushgan

U tashkilotning “hijrat” va “jihod” qilishga, “shahid” ketishga daʼvat qiluvchi, diniy aqidaparastlikni targ‘ib qiluvchi  g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlaydi, materiallarini ijtimoiy tarmoqlarda tarqatadi.

Tashkilot aʼzolari bilan doimiy aloqaga kirishib,  tashkilot safida “jihod” amalini bajarish orqali qurolli to‘qnashuvlar va terroristik harakatlarda ishtirok etishni rejalashtiradi. Bundan tashqari, ushbu fuqaro tashkilot aʼzolariga bevosita moliyaviy yordam ko‘rsatish maqsadida muntazam ravishda pul mablag‘larini jo‘natadi. 

Xususan, 2023-2024-yillar davomida umumiy hisobda kriptovalyuta orqali 2912 dollar va bank kartalari orqali 4 mln 190 ming so‘m pul mablag‘i yuboradi. 

Keyinchalik, 2023-2024-yillarda Suriyadagi terrorchilik faoliyatida ishtirok etish uchun Qirg‘iziston orqali 2 marotaba Turkiyaga boradi. Ammo, Suriyaga o‘tishni imkoni bo‘lmagach, tashkilot aʼzosining ko‘rsatmasi bilan Afg‘onistonga borib, “Islom jihodi ittihodi” xalqaro terroristik tashkiloti safiga qo‘shilishni reja qiladi. Eron orqali Afg‘onistonga o‘tishga uringan ushbu shaxsning rejasi oxiriga yetmay, 2024-yilning noyabr oyida qo‘lga olinadi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Andijon tumani sudi tomonidan mazkur fuqaro aybdor deb topilib, 8 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling