Qashqadaryoda ovqatlanish shoxobchasi va bilyard oʻyini xonasida 1,5 mlrd soʻmlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanildi

Mazkur holatlar yuzasidan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda

Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Qarshi shahri boʻlimi tomonidan oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvda “K.E.” MCHJ masʼul shaxslari umumiy ovqatlanish shoxobchasi va bilyard oʻyini xonasida tijorat maqsadida umumiy foydalanishdagi elektr energiyasi tarmogʻiga oʻzboshimchalik bilan ulanib, jami 1,5 mlrd soʻmlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanganligi aniqlangan.     

Shu kabi, Departamentning Marhamat tumani boʻlimi va “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Andijon hududiy filiali xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvda fuqaro I.I. va boshqalar “Konchilar” MFY hududidagi issiqxonada umumiy foydalanishdagi elektr tarmogʻiga tijorat maqsadida toʻgʻridan-toʻgʻri ulanib, jami 539,2 mln soʻmlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanganliklari aniqlangan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi (oʻgʻrilik) bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling