Andijondan Suriyadagi terroristik tashkilotlarga pul joʻnatib turgan shaxs 10 yildan ortiq muddatga qamaldi

Huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan olib borilgan tezkor qidiruv tadbirlari davomida uning noqonuniy harakatlariga chek qoʻyildi

Andijon shahridagi parhez taomlar oshxonasida oshpaz boʻlib ishlovchi Z.M. oʻzining foydalanuvida boʻlgan telefon apparati yordamida “Instagram”, “Telegram”, “WhatsApp” tarmoqlarida profillar ochib, ular orqali diniy-ekstremistik tashkilotlarning “hijrat” va “jihod” toʻgʻrisidagi materiallarini tinglab, tomosha qilgan.

Shuningdek, u Suriya Arab Respublikasidagi “Tavhid va jihod katibasi” hamda “Gʻuroba katibasi” terroristik tashkilotlari safida boʻlgan andijonlik 3 nafar fuqaro bilan 2023-yilning may oyidan muloqotga kirishib, ularning taʼsirida Suriyaga ketishni maqsad qilgan. Lekin, oilaviy muammolar sababli rejasini amalga oshirolmagan.

Bundan tashqari, 2023-yilning avgust-dekabr oylari davomida ushbu fuqarolarning oila-aʼzolari va tanishlari bergan jami 7150 AQSH dollari hamda 41 mln 230 ming soʻm pul mablagʻini mobil ilovalardan foydalangan holda, kriptovalyuta bilan shugʻullanuvchi shaxslarning hisob raqamlariga oʻtkazish orqali ularga yetkazib bergan. Yaʼni, ular ushbu pul mablagʻlarini kriptovalyuta bilan shugʻullanuvchi shaxslardan oʻzlari uchun zarur boʻlgan xorijiy valyuta koʻrinishida qabul qilib olishgan.

Shu bilan birgalikda, Z.M. ulardan birining sharʼiy nikohdagi turmush oʻrtogʻi boʻlgan, Toshkent shahrida yashovchi ayolni 2023-yilning 19-dekabr kuni “Doʻstlik” chegara oʻtkazish punkti orqali Qirgʻiz Respublikasiga oʻtkazib, kelgusida Turkiya orqali Suriya davlatiga yetib borishi uchun Oʻsh shahridagi aeroportga kuzatib qoʻygan.

Huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan olib borilgan tezkor qidiruv tadbirlari davomida Z.M.ning noqonuniy harakatlariga chek qoʻyildi. U 10 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilindi.

Suriyadagi 3 nafar andijonlikdan biri qurolli toʻqnashuvlarda ayanchli oʻlim topgan.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling