Prezident Shavkat Mirziyoyev Andijon viloyatida 2025-yilda erishilishi rejalashtirilgan asosiy maqsadlarga oid taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
2025-yilning birinchi choragida investitsiya loyihalari samarasida hamda tijorat banklari ishtirokida 77 ming nafar fuqaro ish bilan taʼminlangan.
Umuman, 2025-yilda 5,7 mlrd dollarlik 166 ta investitsiya loyihasi amalga oshiriladi. Bu orqali 31 mingta ish oʻrni ochiladi. 31 turdagi yangi mahsulot olish yoʻlga qoʻyilib, 1,5 mlrd dollarlik eksport imkoniyati yaratiladi. Korxonalarni barqaror energiya bilan taʼminlash uchun 65 megavatt yangi quvvatlar barpo etiladi.
Bu ishlarni davom ettirib, yil yakuniga qadar umumiy 305 ming nafar aholini daromadli ish bilan taʼminlash maqsad qilingan.
Taqdimotda iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish, sanoatni rivojlantirish, yangi texnologiyalarni joriy etish va ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. 2025-yilda iqtisodiy oʻsish surʼati 5,5 foizga yetishi kutilmoqda.
Prezident mutasaddilarga loyihalarni oʻz vaqtida bajarib, aholini daromadli ish bilan taʼminlash, ishsizlarni kasbga yoʻnaltirish boʻyicha koʻrsatmalar berdi.