Farrux Tursunov O‘zbekistonning Andorradagi (qarorgohi Madrid shahrida joylashgan) elchisi etib tayinlandi. Bu haqda “Dunyo” AA xabar berdi.
Elchi Andorra hamraisi, Fransiya prezidenti Emmanuel Makronga ishonch yorliqlarini topshirdi.
Tantanali marosimdan so‘ng bo‘lib o‘tgan muloqot chog‘ida diplomat Fransiya rahbariga O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev nomidan samimiy salom va ezgu tilaklarni yetkazdi.
Emmanuel Makron o‘z navbatida, O‘zbekiston rahbariga o‘z hurmati va minnatdorchiligini bildirib, ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar alohida ahamiyat kasb etishini taʼkidladi.
Fransiya yetakchisi O‘zbekiston bilan ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlash muhim vazifa ekanini alohida taʼkidlab, elchining professional diplomatik mahorati mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlarni yana-da rivojlantirishga katta hissa qo‘shishiga ishonch bildirdi.
"Biz O‘zbekiston bilan do‘stona aloqalarni mustahkamlashga katta ahamiyat qaratamiz va barcha sohalarda hamkorlikni yana-da kengaytirishga tayyormiz", dedi u.
O‘zbekiston va Andorra o‘rtasidagi diplomatik munosabatlar 2009 yil 1 dekabrda o‘rnatilgan.
Farrux Tursunov O‘zbekistonning Ispaniyadagi Favqulodda va Muxtor Elchisi sifati 2023 yil 7 dekabr kuni Madrid shahriga tashrif buyurgan edi. Diplomat 2024 yil 9 aprel sanasida O‘zbekiston elchisi sifatida Ispaniya Qiroli Filipp VI ga ishonch yorliqlarini topshirgan.
Shuningdek, Farrux Tursunov O‘zbekistonning "BMT Turizm" tashkilotidagi (avvalgi Butunjahon turizm tashkiloti) doimiy vakili hisoblanadi.