"Ehtiyojmand deb ko'rilayotgan oilalarning ayrimlari aslida unday bo'lib chiqmayapti" — Timur Ishmetov

Oxirgi uch yil davomida ehtiyojmand aholini nafaqa bilan taʼminlash qamrovi keskin oshgan

Oʻzbekistonda ayrim oilalar vazirliklar bazalarida ehtiyojmand sifatida koʻrsatilgan boʻlsada, aslida ehtiyojmand emas. Bu haqda moliya vaziri Timur Ishmetov joriy yilning 25-oktyabr kuni boʻlib oʻtgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi yalpi majlisida aytib oʻtdi.

“2019-yilda 600 mingga yaqin oilalar davlatdan nafaqalar olgan boʻlsa, hozirda bunday oilalar soni 2 milliondan oshdi. Bu koʻrsatkich mamlakatdagi oilalarning 25-26 foizini tashkil qiladi. Maqsadimiz “Ijtimoiy himoya yagona reyestr”ini har yili takomillashtirib borishdan iborat.

Toʻgʻri, qamrov kengaydi, lekin haqiqatan har bir ehtiyojmand oila qamrab olindimi yoʻqmi, yaʼni shu reyestrga kirishi kerak boʻlgan oilalar kirdimi yoki oʻrniga boshqasi kirib qolgani ham bormi? Albatta, sifat boʻyicha hali koʻp ishlashimiz kerak.

Hokim yordamchilari va ayollar faollari uyma-uy yurib, xatlovlar oʻtkazdi. Yaʼni nafaqa pulini olayotganlar haqiqatan ham kam taʼminlangani yoki yoʻqligi borasida qoʻshimcha maʼlumotlar yigʻyapmiz. Amaliyotda koʻrinmoqdaki, mezonlarni qatʼiylashtirishimiz kerak”, — deydi moliya vaziri.

Shuningdek Timur Ishmetov 20 dan ortiq vazirliklardan yigʻilgan maʼlumotlarga asosan, ehtiyojmand deb koʻrsatilayotgan oilalarning ayrimlari aslida ehtiyojmand boʻlib chiqmayotgani, yoki aksincha, ayrim ehtiyojmand oilalarni qamrab olish yetarli boʻlmayotganini qoʻshimcha qilgan.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling