Muhsinxo‘ja Abdurahmonov O‘zbekistonning Fijidagi elchisi etib tayinlandi

Elchi ushbu mamlakat prezidenti Ratu Naykama Tavakekolati Lalabalavuga ishonch yorliqlarini topshirdi.

Muhsinxo‘ja Abdurahmonov O‘zbekistonning Fijidagi elchisi (qarorgohi Tokio shahrida joylashgan) etib tayinlandi. Bu haqda “Dunyo” AA xabar berdi.

Elchi ushbu mamlakat prezidenti Ratu Naykama Tavakekolati Lalabalavuga ishonch yorliqlarini topshirdi.

Tantanali marosim avvalida faxriy qorovul saf tortib, O‘zbekiston davlat madhiyasi yangradi hamda mamlakatimiz bayrog‘i ko‘tarildi.

Rasmiy tadbirlardan so‘ng bo‘lib o‘tgan suhbat davomida O‘zbekiston va Fiji o‘rtasidagi siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar, taʼlim va turizm kabi yo‘nalishlardagi aloqalarning hozirgi holati va istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.

Prezident Naykama Lalabalavu ikki mamlakat geografik jihatdan uzoqda joylashgan bo‘lsada, ularni o‘zaro hurmat, konstruktiv muloqot va umumiy qadriyatlarga asoslangan do‘stona aloqalar bog‘lab turishini taʼkidladi.

Fiji yetakchisi, shuningdek, O‘zbekiston muhim strategik mintaqada joylashgani, boy tabiiy resurslari hamda yuqori salohiyatli inson kapitali mavjudligini eʼtirof etish barobarida, so‘nggi yillarda O‘zbekiston prezidenti tomonidan mintaqada tinchlik va barqaror rivojlanishni taʼminlash bo‘yicha olib borilayotgan konstruktiv va proaktiv tashqi siyosatni yuksak baholadi.

Shuningdek, ikki mamlakat o‘rtasidagi diplomatik aloqalar tarixida ilk marotaba O‘zbekistonning Fijidagi elchisining tayinlanishi Fiji tomoni uchun ham muhim tarixiy voqeaga aylangani qayd etildi. Shu munosabat bilan Fiji bilan ikki va ko‘p tomonlama aloqalarni rivojlantirishga eʼtibor qaratgani uchun O‘zbekiston prezidentiga alohida minnatdorlik bildirildi.

Uchrashuv yakunida Fiji prezidenti O‘zbekiston prezidentiga chuqur hurmat va samimiy salomlarini yo‘lladi hamda o‘zbek xalqiga tinchlik va farovonlik tiladi.

O‘zbekiston va Fiji o‘rtasida diplomatik munosabatlar 2010-yil 16-iyun kuni o‘rnatilgan.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling