Yengil sanoatni rivojlantirish agentligi tashkil etiladi

Agentlikka investitsiyalar, sanoat va savdo vazirining birinchi o‘rinbosari Nozimjon Xolmurodov rahbarlik qiladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida to‘qimachilik sohasida eksport imkoniyatlari va zaxiralarni ishga solish masalalari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Jahonda savdo qoidalarining tez o‘zgarishi yoki logistikadagi uzilishlar to‘xtamayotgani sharoitida to‘qimachilik tarmog‘ini rivojlantirishga alohida yondashuvlar zarurligi qayd etildi. 

Shu munosabat bilan prezident Yengil sanoatni rivojlantirish agentligi tashkil qilinishini eʼlon qildi. Agentlik to‘qimachilik, charm va ipak sanoatiga masʼul bo‘ladi.

Agentlikka investitsiyalar, sanoat va savdo vazirining birinchi o‘rinbosari Nozimjon Xolmurodov rahbarlik qiladi.

Agentlik qoshida tajribali tadbirkorlardan iborat kengash tashkil qilinadi. Agentlikning alohida jamg‘armasi bo‘ladi, davlat ko‘magi, shuningdek to‘qimachilik korxonalariga arzon aylanma mablag‘ shu jamg‘arma orqali beriladi. Jamg‘armaga 200 million dollar ajratiladi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling