Senator xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik holatlari bo‘yicha Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisiga so‘rov yubordi

So‘rov tazyiq va zo‘ravonlik holatlarini bartaraf etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan yuborilgan. 

Senatning Yoshlar, xotin-qizlar,madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi aʼzosi M. Kadirxanova Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Zulayxo Maxkamova nomiga senator so‘rovi yubordi. Bu haqda Senat matbuot xizmati xabar berdi.

So‘rov mamlakatda xotin-qizlarning huquqlarini himoya qilish, tazyiq va zo‘ravonlik holatlarini bartaraf etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan yuborilgan. 

Senator qabul qilingan qonunlar va choralariga qaramay, so‘nggi yillarda ayollarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik holatlari oshib borayotganini taʼkidlagan.

Statistik maʼlumotlarga ko‘ra, 2025-yilning birinchi yarmida respublika bo‘yicha 48 303 ta tazyiq va zo‘ravonlik holati qayd etilgan bo‘lib, bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 121 foizga ko‘pdir.

Eng ko‘p holatlar Toshkent viloyatida (9 414 ta), Buxoro (5 612 ta), Qashqadaryo (5 268 ta) va Andijon viloyatlarida (4 808 ta) qayd etilgan. Shu davrda 930 nafar ayolga takroriy himoya orderlari berilgan.

Senator so‘rovida Qo‘mita va uning hududiy bo‘linmalari tomonidan tazyiq va zo‘ravonlikka olib keluvchi sabablarni aniqlash, profilaktik ishlarni kuchaytirish, vakolatli organlar bilan hamkorlikni rivojlantirish va mahallalarda xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlikka murosasizlik muhitini shakllantirish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar yuzasidan asoslantirilgan tushuntirishlar taqdim etish so‘ralgan.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling