Prezident Shavkat Mirziyoyev 11-avgust kuni yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish tizimini takomillashtirish bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Mutasaddilar yashirin iqtisodiyotga sabab bo‘layotgan omillar va ularni bartaraf etish choralari bo‘yicha axborot berdi.
Bunda eng samarali yo‘l ilg‘or texnologiyalar asosida yangicha yondashuvlarni joriy qilish ekani taʼkidlandi. Masalan, Toshkent shahrida jamoat transporti to‘liq avtomatlashgan to‘lovga o‘tkazilgani natijasida, aslida, yo‘lovchilar soni 30 foizga ko‘p ekani ko‘ringan. Yoki raqamlashtirilgan dehqon va buyum bozorlarida tushum 2-3 karra oshayapti.
Shunday tizimni qishloq xo‘jaligi, qurilish, transport, savdo va xizmatlar kabi yashirin iqtisodiyot ulushi yuqori bo‘lgan sohalarda ham joriy qilish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. Litsenziya va ruxsatnoma berish jarayonlari hamda muddatlarini qayta ko‘rib chiqib, inson omilini keskin qisqartirish va barcha qadamlarni to‘liq raqamlashtirish vazifasi qo‘yildi. Tadbirkorlar ko‘p duch keladigan soliq, bank, bojxona, kommunal, sertifikatlash kabi sohalarda korrupsiyaga yo‘l ochayotgan omillarga chek qo‘yish zarurligi aytildi.
Elektron to‘lovlar rivojlangani odamlarga keng qulaylik yaratmoqda. Bu yashirin iqtisodiyotni qisqartirishda ham maqbul vosita. Buning uchun naqdsiz hisob-kitoblarni rag‘batlantirish, to‘lov tashkilotlarini ko‘paytirish muhimligi qayd etildi.
Davlat rahbari faqat nazoratni kuchaytirish bilan yashirin iqtisodiyotni jilovlab bo‘lmasligini, aholi va tadbirkorlarning soliq madaniyatini oshirib, to‘g‘ri ishlaganlarni rag‘batlantirish yo‘lidan borish kerakligini taʼkidladi.
Har bir soha bo‘yicha alohida yondashuv qilib, tadbirkorlarga ochiq va qonuniy ishlashni manfaatli qilish vazifasi qo‘yildi. Shundan kelib chiqib, soliq maʼmurchiligini takomillashtirish va raqamlashtirish, biznesga qo‘shimcha yengilliklar berish, mehnat munosabatlarini yaxshilash bo‘yicha topshiriqlar berildi.