Prezident atom energetikasi sohasida amalga oshirilayotgan ishlar boʻyicha yigʻilish oʻtkazdi — tafsilotlar

Yigʻilishda mutasaddilar atom energetikasini rivojlantirish boʻyicha qilinayotgan ishlar boʻyicha axborot berdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 10-fevral kuni atom energetikasi sohasida amalga oshirilayotgan ishlar va kelgusidagi ustuvor vazifalar yuzasidan yigʻilish oʻtkazdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Aholi va iqtisodiyot tarmoqlarining oʻsib borayotgan ehtiyojini taʼminlash uchun mamlakatimizda energetikaning barcha manbalari ishga solinmoqda. Anʼanaviy generatsiyadan tashqari, soʻnggi yillarda qariyb 4 gigavattli muqobil quvvatlar ishga tushirildi va “yashil” energiya ulushi 16 foizga yetdi.

Kelgusi besh yilda yana 25 gigavattli qayta tiklanuvchi energiya manbalari barpo etiladi. Bularning hisobiga yiliga 64 milliard kilovatt soat “yashil” energiya olinadi. Umuman, 2030-yilga borib, yurtimizda jami generatsiyada “yashil energiya” ulushini 50 foizdan oshirish maqsad qilingan.

Ayni paytda raqamli texnologiyalar, elektromobillar, elektr jihozlar, sunʼiy intellekt, mayning kabi tarmoqlarning rivojlanishi energiyaga boʻlgan talabni keskin oshirmoqda. Shu bois koʻplab davlatlar yangi turdagi energiya quvvatlariga oʻtish yoʻllarini izlayapti. Yer qaʼridan qazib olinadigan yoqilgʻilar oʻz oʻrnini qayta tiklanuvchi manbalarga boʻshatib berayapti. Bugunga kelib, dunyodagi jami generatsiyaning 42 foizi muqobil energiyadir.

Uzoq yillik quvvatlarni barpo etishda atom energetikasi maqbul hisoblanadi. Hozirgi kunda dunyoda 375 gigavattli 417 ta atom reaktorlari ishlatilmoqda. Yana yangi stansiyalar qurilayapti, koʻp davlatlar atom energetikasini oʻzining rivojlanish strategiyasiga kiritayapti.

Mamlakatda uran zaxirasi borligidan foydalanib, uzoq muddatga moʻljallangan quvvat tashkil etish rejalashtirilgan. Xususan, kichik quvvatli reaktorlar barpo etish loyihasi ishlab chiqildi. 2024-yil 5-dekabrda Samarqand shahrida atom energiyasidan foydalanish masalalari boʻyicha xalqaro konferensiya oʻtkazildi.

Yigʻilishda mutasaddilar atom energetikasini rivojlantirish boʻyicha qilinayotgan ishlar boʻyicha axborot berdi.

Davlat rahbari boʻlajak stansiya va tizimda ishlaydigan mutaxassislarni hozirdan tayyorlash, xavfsizlikni Xalqaro atom energiyasi agentligi talablari darajasida taʼminlash boʻyicha topshiriqlar berdi. Bunday texnologiyalar iqtisodiyot raqobatdoshligini oshirib, uzoq muddatli oʻsish surʼatlari uchun munosib zamin yaratishi taʼkidlandi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling