Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev raisligida “Hokimlik soati” oʻtkazildi. Yigʻilishda kambagʻalikka qarshi kurashish, mehnat migrantlari bilan ishlash bundan buyon Toshkent viloyatida mahalliy ijro etuvchi organlar rahbarlarining asosiy vazifasi etib belgilanishi taʼkidlangan.
Endilikda, har bir shahar va tumannig hokimi kuniga kamida 20 nafar mehnat migranti bilan onlayn muloqot qilish tartibi yoʻlga qoʻyiladi. Xorijda migratsiyada yurgan xotin-qizlarni Vatanga qaytarish boʻyicha viloyat hokimining xotin-qizlar masalalari boʻyicha oʻrinbosari rahbarligida maxsus shtab tashkil qilinadi.
Toshkent viloyatida 1025 ta mahalla fuqarolar yigʻini mavjud. Quyi tizimda ishlarni toʻgʻri yoʻlga qoʻyish, ijro apparati xodimlari sonini qisqartirish maqsadida, viloyatda mavjud MFYlar soni qisqartiriladi. Shu maqsadda viloyatdagi barcha MFYlar joylashuvi, aholi salmogʻi jihatidan qayta koʻrib chiqiladi.
Zoyir Mirzayev Toshkent viloyatida transport sohasidagi xizmatlarni yaxshilash uchun 1000 ta yangi avtobus xarid qilish boʻyicha topshiriq berdi. Transport boshqarmasi aholi vakillarining fikrini oʻrgangan holda, barcha shahar va tumanlardan viloyatning maʼmuriy markazi Nurafshon shahri va poytaxtga yangi qatnov liniyalarini ishga tushiradi.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling