Toshkentda jamoat transporti narxini 3 ming soʻmga oshirish rejalashtirilmoqda

Bu haqdagi tegishli qaror loyihasi ishlab chiqildi

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida “Toshkent shahridagi jamoat transporti tizimida yoʻlkira haqini toʻlashda elektron toʻlov tizimidan foydalanishni ragʻbatlantiruvchi tariflarni joriy etish toʻgʻrisida” Toshkent shahri hokimining qarori loyihasi eʼlon qilindi.

Qaror bilan 2025-yil 1-yanvardan Toshkent shahrining jamoat transporti yoʻnalishlarida (avtobus va metropoliten) qatnovlarni amalga oshirish uchun yoʻlkira haqining quyidagi cheklangan tariflari belgilanmoqda:

  • bir yoʻlovchi qatnovi uchun cheklangan tarif – 3 000 soʻm. Bunda, bir yoʻlovchi qatnovi uchun 1 martalik toʻlovni elektron toʻlov tizimi orqali amalga oshirilganda ragʻbatlantiruvchi chegirma qoʻllanilgan holda – 1 700 soʻm undiriladi;
  • bir yoʻlovchining bagajini tashish boʻyicha xizmat uchun – 4 000 soʻm;
  • qatnovlar soniga bogʻliq holda belgilangan tarif rejalarini hisoblash uchun cheklangan tarif – 1 600 soʻm.

Qatnovlar soniga bogʻliq holda belgilangan transport kartalarining va transport kartalaridan foydalanilgan holda bir soat ichida bir yoʻnalishli yoʻlovchi transportidan boshqasiga oʻtish sonidan kelib chiqqan holda imtiyozli va bepul tarif rejalarining narxlari oʻzgarishsiz qoldiriladi.

Toshkent shahri yoʻnalishlaridagi barcha avtobuslar salonida yoʻlkira haqini naqd pulda olish amaliyotidan voz kechiladi va yoʻlkira haqini faqat elektron tarzda qabul qilish amaliyoti joriy etiladi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling