Baliqchilik tarmog‘ida yagona davlat boshqaruvi tizimi joriy etiladi. Bu bo‘yicha prezidentning tegishli farmoni qabul qilindi.
Unga ko‘ra, Suv xo‘jaligi vazirligi huzurida davlat muassasasi shaklida Baliqchilikni rivojlantirish markazi hamda uning hududiy bo‘linmalari tashkil etiladi.
Sunʼiy suv havzalarida baliq yetishtiruvchilar va naslchilikka ixtisoslashgan baliqchilik xo‘jaliklari kafolatlangan suv bilan taʼminlab boriladi.
Bunda har yili 15-yanvargacha sunʼiy suv havzalarida baliq yetishtiruvchilar va naslchilikka ixtisoslashgan baliqchilik xo‘jaliklari to‘g‘risidagi maʼlumotlar markazga kiritib boriladi.
Markaz har yili 30-yanvargacha baliq yetishtiruvchilar va naslchilikka ixtisoslashgan baliqchilik xo‘jaliklarining suvga bo‘lgan buyurtmanomalari asosida yil davomidagi suvga bo‘lgan ehtiyoji bo‘yicha maʼlumotlarni oylar va subyektlar kesimida shakllantirgan holda vazirlikka taqdim etadi.
Vazirlik 1-martgacha shakllantirilgan ro‘yxatga asosan suv manbalarini ko‘rsatgan holda suv olish limitlarining oyma-oy grafigini tasdiqlaydi.