Sirdaryo viloyati bojxona boshqarmasi tezkor tuzilmalari tomonidan “Malik” chegara oʻtkazish punktida yirik miqdordagi qimmatbaho zargarlik buyumlarini noqonuniy ravishda olib kirishga boʻlgan urinish fosh qilindi.
Bojxona punkti orqali harakatlanayotgan fuqarolardan biri xolislar ishtirokida shaxsiy koʻrikdan oʻtkazilganida, ichki kiyimlari orasidan oyoqlarining yuqori qismiga 19 dona oʻram yashirganligi aniqlandi.
Mazkur oʻramlar belgilangan tartibda ochib koʻrilganida ularning ichida 9 turdagi 468 dona qimmatbaho metalldan yasalgan va brilliant toshlar bilan bezatilgan zargarlik buyumlari borligi aniqlandi.
Ushbu shaxs zargarlik buyumlarini yashirincha olib oʻtishda yonidagi 14 yoshli nevarasidan ham foydalanishga uringan. Voyaga yetmagan ushbu shaxs ham belgilangan tartibda koʻzdan kechirilganida, uning ham ichki kiyimlari orasiga 12 dona oʻram yashirilgani aniqlandi. Mazkur oʻramlarda esa 8 turdagi 454 dona taqinchoqlar borligi maʼlum boʻldi.
Shunday qilib, bojxona nazoratidan yashirilgan jami 922 dona tilladan yasalgan brilliant toshlar oʻrnatilgan zargarlik buyumlarining umumiy ogʻirligi 6,7 kg dan oshmoqda, umumiy qiymati esa 5,6 mlrd soʻmni tashkil qilmoqda.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling