Tuman MMTB, FVB, Ekologiya bo‘limi boshliqlari va bojxona inspektori pora bilan ushlandi, deb xabar berdi DXX.
Toshkent shahridagi tumanlardan birining maktabgacha va maktab taʼlimi bo‘limi boshlig‘i maktabda tarix o‘qituvchisini mazkur tumandagi maktablardan biriga direktor lavozimiga tayinlash evaziga 3 ming dollar olgan vaqtida ushlandi.
Shuningdek, “Yangiyo‘l” TIF bojxona posti inspektori Qozog‘istondan bug‘doy olib kelib, qayta ishlash bilan shug‘ullanuvchi MCHJ tomonidan qo‘shni davlatdan temir yo‘l orqali olib kirilayotgan bug‘doy mahsulotlari ortilgan vagonlarni bojxona ko‘rigi hamda rasmiylashtiruvidan muammosiz o‘tkazib berish evaziga uchinchi shaxs orqali 2700 dollar olgan vaqtida ushlandi.
Shu bilan birga, Jomboy tumani FVB boshlig‘i 1988 y.t. fuqaroga yashash xonadonida xususiy bog‘cha ochishi uchun uning turar-joyini yong‘in xavfsizligi talablariga muvofiqligi to‘g‘risida xulosa berish va kelgusida rahnamolik qilishni vaʼda qilgan. Buning evaziga 200 dollar olgan vaqtida ushlandi.
Bundan tashqari, Paxtachi tumanida Ekologiya bo‘limi boshlig‘i mahalliy MCHJga tumanda karyer faoliyatini amalga oshirishi uchun ekologik xulosa berish, Qarnab qishlog‘idagi “Nakvoysoy” hududidan tosh-shag‘al qazib olishiga ruxsat berish hamda kelgusida MCHJ faoliyatiga rahnamolik qilish uchun 2 ming dollar olgan vaqtida ushlandi.
Hozirda barcha holatlar yuzasidan mazkur mansabdor shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining 210-moddasi (pora olish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanildi. Tergov harakatlari olib borilmoqda.