Surxondaryo viloyati, Boysun tumani, Kengdala o‘rmon xo‘jaligi bo‘limiga qarashli archazorlarga tutash hududda 17-iyun kuni soat 17:45 da quruq o‘tlar yonib ketdi. Bu haqda FVV matbuot xizmati xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, yong‘in-qutqaruv ekipajlari tomonidn 3 gektar maydondagi yong‘in o‘chog‘i 18-iyun kuni soat 07:10 da bartaraf etilib, keng maydonlarga tarqalishi oldi olindi.
Yong‘inni bartaraf etishga viloyat FVBdan 85 nafar shaxsiy tarkib, 4 ta texnika, O‘rmon xo‘jaligi bo‘limidan 40 nafar xodim, 4 ta texnika, IIBdan 6 nafar xodim, Mudofaa vazirligidan 20 nafar harbiy xizmatchi va bitta harbiy vertolyoti, mahalliy aholidan 40 nafar ko‘ngilli jalb etildi.
Shuningdek, sodir bo‘lgan yong‘inni bartaraf etish jarayonida yong‘in o‘chog‘ini monitoring qilish uchun Chegara qo‘shinlarining uchuvchisiz uchish vositalaridan unumli foydalanildi.