Ish haftasi oʻrtasida mamlakat hududlarida yomgʻir yogʻishi kutilmoqda

Ushbu haftaning boshida Oʻzbekiston hududining katta qismida quruq ob-havo saqlanib turadi

Ushbu haftaning boshida Oʻzbekiston hududining katta qismida quruq ob-havo saqlanib turadi. Bu haqda Oʻzgidromet xabar berdi.

11-12-noyabr kunlari respublika boʻyicha yogʻingarchilik kutilmaydi, faqat Buxoro, Navoiy viloyatlarida va respublika janubida 12-noyabr kuni kechga tomon baʼzi joylarda biroz yomgʻir yogʻadi. Bu kunlarda havo harorati deyarli oʻzgarmaydi va kechalari 2-7 daraja iliq, kunduz kunlari 12-15 daraja iliq atrofida, baʼzi joylarda 17 daraja iliqqacha boʻladi.

13-noyabrda Oʻzbekiston hududiga nam va sovuq havo massalari kirib keladi. Respublikaning katta qismida, Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Xorazm viloyatidan tashqari, yomgʻir yogʻadi, togʻli hududlarda qorga aylanadi. Havo harorati kunduzi 5-10 daraja iliqqacha pasayadi.

13-noyabr kechga tomon yomgʻir yogʻishi deyarli barcha joylarda toʻxtaydi. 14-15-noyabr kunlari respublika boʻyicha yogʻingarchilik kutilmaydi, faqat Fargʻona vodiysida ayrim joylarda 14-noyabrga oʻtar kechasi biroz yomgʻir yogʻishi mumkin.

14-15-noyabrda harorat kechalari 0-3o iliqqacha, baʼzi joylarda 2 daraja sovuqqacha pasayadi, kunduz kunlari 14-noyabrda 5-10 daraja iliq, 15-noyabrda 8-13 daraja iliq atrofida boʻladi.

Sharqiy shamol yoʻnalishini oʻzgartirib, gʻarbdan 7-12 m/s tezlikda esadi, 13-noyabrda baʼzi joylarda 13-18 m/s gacha kuchayadi. Kechasi va ertalab baʼzi joylarga tuman tushishi mumkin.

Toshkent shahrida bugun va ertaga yogʻingarchilik kautilmaydi. 13-noyabr-chorshanba kuni vaqti-vaqti bilan yomgʻir yogʻadi, shamol 10-12 m/s gacha kuchayadi. 14-15-noyabrda yogʻingarchilik kutilmaydi.

Harorat asosan 11-12-noyabrda kechalari 2-5 daraja iliq, kunduz kunlari 12-15 daraja iliq boʻladi. 13-noyabrda kechasi va kunduzi 5-8 daraja iliq boʻladi. 14-15-noyabrda kechalari 0-2 daraja sovuqqacha pasayadi, kunduz kunlari 8-11 daraja iliq boʻladi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling