Samarqandda hisobchi tadbirkorning 6,4 mlrd soʻmini qimor oʻyinlariga yutqazdi

Mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda

Samarqand shahrida tadbirkorning 6,4 mlrd soʻm mablagʻini qimor oʻyinlariga yutqazgan hisobchi aniqlandi, deb xabar berdi Bosh prokuratura huzuridagi Departament.

Maʼlum qilinishicha, “Ph.l.” MCHJda hisobchi lavozimida ishlagan B.M. bank elektron kalitlaridan foydalanib, MCHJning 6,4 mlrd soʻm mablagʻini soxta maʼlumotlarni rasmiylashtirish orqali oʻzining nomiga ochilgan plastik kartalarga oʻtkazib olgan.

Ushbu mablagʻlarni internet tarmoqlaridagi qimor oʻyinlarida yutqazib, talon-toroj qilganligi aniqlangan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (oʻzlashtirish yoki rastrata yoʻli bilan talon-toroj qilish) va 228-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling