Prezidentning “Budjet jarayonida fuqarolarning faol ishtirokini taʼminlash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi.
Qarorga muvofiq Tashabbusli budjet jarayonining 2022-yil 2-mavsumi doirasida fuqarolarni faol ishtirokini inobatga olgan holda gʻolib deb topilgan 1 418 ta loyihalarga qoʻshimcha, har biri 2 mingdan ortiq ovoz toʻplagan, lekin gʻolib deb topilmagan 364 ta loyihalarni amalga oshirish uchun respublika budjetidan 335 mlrd soʻm mablagʻ ajratish nazarda tutilgan.
Respublika budjetidan ajratilgan qoʻshimcha mablagʻlar doirasida fuqarolar tomonidan ilgari surilgan:
— 110 ta umumtaʼlim maktablarini joriy taʼmirlash va jihozlash;
— 113 ta mahallalarda ichki yoʻllarni taʼmirlash;
— 16 ta maktabgacha taʼlim muassasalarini taʼmirlash va jihozlash;
— 49 ta sogʻliqni saqlash tashkilotlarini taʼmirlash va jihozlash kabi loyihalar qoʻshimcha ravishda moliyalashtirilishi belgilandi.
Shuningdek, 2023-yilidan boshlab:
“Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida moliyalashtiriladigan tadbirlar jamoatchilik fikri asosida “Ochiq budjet” axborot portali orqali ovoz berish yoʻli bilan aniqlanishi belgilanmoqda. Bunga koʻra, aholi tomonidan amalga oshirilishi taklif etilayotgan tadbirlar har bir mahalla boʻyicha bitta loyihalar paketi shaklida ovozga qoʻyiladi.
Maʼlumot uchun, loyihalar paketi uchun ajratiladigan mablagʻlar cheklangan miqdorini 8 mlrd soʻm etib belgilash, dasturlarni moliyalashtirish uchun har yili Davlat budjetidan kamida 4 trln soʻm yoʻnaltirish nazarda tutilmoqda.
“Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida jamoatchilik fikri asosida “Ochiq budjet” axborot portali orqali keyingi yil uchun tadbirlarni shakllantirish va ularga ovoz berish orqali aniqlanadi.
“Tashabbusli budjet” jarayonini moliyalashtirish koʻlami ortadi
Kelgusi yildan boshlab har bir tuman va shaharda 6 mlrd soʻmdan kam boʻlmagan mablagʻlar ajratilishi hisobiga kelgusi yilda Tashabbusli budjet jarayonlari uchun 2 trln soʻmdan ortiq mablagʻlar yoʻnaltirilishi kutilmoqda.
Buning natijasida, 53 ta tuman va shaharlarda (tasdiqlanadigan budjetlari miqdori kam boʻlishiga qaramay) 6 mlrd soʻmdan mablagʻ yoʻnaltirilishi kutilmoqda. Misol uchun, Gʻazgʻon shahrida 2022-yilda 900 mln soʻm mablagʻ ajratilgan boʻlsa, 2023-yildan boshlab mazkur hududga 6 mlrd soʻm mablagʻ yoʻnaltiriladi.
Viloyat budjetlari qoʻshimcha manbalarining 30 foizi ham endilikda tashabbusli budjet jarayoniga yoʻnaltiriladi
Joylarda fuqarolarni qiynab kelayotgan dolzarb muammolarni hal etilishi koʻlamini kengaytirish maqsadida 2023-yildan boshlab Qoraqalpogʻiston Respublikasi respublika budjeti, viloyatlar va Toshkent shahar budjetining qoʻshimcha mablagʻlarining 30 foizi ham fuqarolar fikri asosida shakllantirilgan loyihalarni moliyalashtirishga yoʻnaltirilishi belgilanmoqda.
Eslatib oʻtamiz, amalda faqat tuman va shahar budjetlari qoʻshimcha mablagʻlarining kamida 30 foizi Tashabbusli budjet jarayonlari uchun yoʻnaltirilishi belgilangan.
Natijada, kelgusi yildan boshlab ushbu maqsadlar uchun tegishincha tuman va shaharlarga qoʻshimcha ravishda 1 trln soʻmdan ortiq mablagʻlar yoʻnaltirilishi kutilmoqda.
Ushbu oʻzgarishlarni inobatga olgan holda 2023-yilda jamoatchilik fikri asosida shakllangan tadbirlarni moliyalashtirishga 8 trln soʻm mablagʻ yoʻnaltirilishi kutilmoqda.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling