“Bank omonatlaridan pul yechib olayotganda mablagʻning kelib chiqish manbasi haqida maʼlumot talab qilinmaydi” — MB

Markaziy bank moliyaviy xizmatlar koʻrsatilishiga doir yuzaga kelayotgan muammo va kamchiliklarni bartaraf etib boradi

Ijtimoiy tarmoqlarda banklardagi omonat hisobvaraqlaridan pul mablagʻlarini yechishda isteʼmolchidan mablagʻning manbasi soʻralayotganligi haqida xabarlar tarqaldi. Holat yuzasidan Markaziy bank izoh berdi.

Maʼlum qilinishicha, amaldagi qonunchilikka asosan jismoniy shaxslar oʻzlariga tegishli omonat hisobvaraqlaridan pul mablagʻlarini yechib olayotganda ushbu mablagʻning kelib chiqish manbasi toʻgʻrisida maʼlumot talab qilinmaydi.

Markaziy bank moliyaviy xizmatlar koʻrsatilishiga doir yuzaga kelayotgan muammo va kamchiliklarni aholi va tadbirkorlik subyektlarining murojaatlari hamda boshqa manbalar orqali doimiy ravishda oʻrganib, ularni bartaraf etish choralarini koʻrib boradi.

“Agar sizdan banklardagi omonat hisobvaragʻingizdagi pul mablagʻlarini yechishda uning kelib chiqish manbasi toʻgʻrisida maʼlumot talab qilinsa, Markaziy bankning Bank xizmatlari isteʼmolchilarining huquqlarini himoya qilish xizmatiga 71 212-60-94, 71 212-73-62 raqamlari orqali bogʻlanishingiz mumkin”, — deyiladi xabarda.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling