Oybek Shaxavdinov Oʻzbekistonning Chernogoriyadagi elchisi etib tayinlandi

U Chernogoriya prezidenti Yakov Milatovichga ishonch yorliqlarini topshirdi

Oʻzbekistonning Chernogoriyadagi birinchi elchisi Oybek Shaxavdinov (qarorgohi Budapesht shahrida joylashgan) 25-noyabr kuni Chernogoriya prezidenti Yakov Milatovichga ishonch yorliqlarini topshirdi. Bu haqda “Dunyo” AA xabar berdi.

Prezident qarorgohida boʻlib oʻtgan tantanali marosimdan soʻng oʻtkazilgan muloqot chogʻida Oʻzbekiston-Chernogoriya munosabatlarining bugungi holati va istiqbollari, ularni yangi sifat bosqichiga olib chiqish boʻyicha istiqboldagi vazifalar muhokama qilindi.

Prezident Yakov Milatovich Oʻzbekiston xalqini ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyot yoʻlida erishilgan muvaffaqiyatlar bilan tabriklab, yurtimizga tinchlik, taraqqiyot va farovonlik tiladi. Chernogoriya rahbari, shuningdek, Shavkat Mirziyoyevning islohotlar va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash borasidagi tashabbuslari muhimligini taʼkidladi.

Chernogoriya ikki tomonlama munosabatlar, xususan, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va madaniy sohalardagi salohiyatni yuqori baholaydi. Prezident sayyohlik va gumanitar almashinuvlar uchun qulay sharoitlar yaratish muhimligini taʼkidladi.

Oybek Shaxavdinov Oʻzbekistonning Sloveniyadagi, 23-oktyabr kuni Xorvatiyadagi birinchi elchisi boʻldi. U 2024-yil mart oyida Oʻzbekistonning Vengriyadagi elchisi lavozimiga tayinlangan.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling