Dilshod Axatov Oʻzbekistonning Chexiyadagi elchisi etib tayinlandi

U Chexiya prezidenti Petr Pavelga ishonch yorliqlarini topshirdi

Oʻzbekistonning Chexiyadagi elchisi Dilshod Axatov (qarorgohi Berlin shahrida) 13-dekabr kuni Chexiya prezidenti Petr Pavelga ishonch yorliqlarini topshirdi. Bu haqda “Dunyo” AA muxbiri xabar berdi.

Chexiya prezidentining rasmiy qarorgohi “Praga Qasri”da boʻlib oʻtgan ishonch yorliqlarini topshirish marosimi doirasida faxriy qorovul ishtirokida tadbir oʻtkazilib, Oʻzbekiston bayrogʻi koʻtarildi va mamlakat madhiyasi yangradi.

Suhbat chogʻida Petr Pavel Oʻzbekistonni Chexiyaning xalqaro hamjamiyatdagi muhim hamkorlaridan biri sifatida eʼtirof etdi. Chexiya rahbari rasmiy Praganing mamlakatimiz bilan oʻzaro hamkorlikni yanada mustahkamlash va rivojlantirishga qiziqishi yuqori ekanligiga urgʻu berdi.

U soʻnggi paytlarda mamlakatlarimiz oʻrtasida siyosiy aloqalar mustahkamlanib borayotganini taʼkidlab, Oʻzbekiston Prezidentining Chexiya bosh vaziri Petr Fiala bilan joriy yil 13-noyabr kuni Bakudagi uchrashuvi va mamlakat tashqi ishlar vaziri Yan Lipavskiyning 21-22-oktyabr kunlari Toshkentga tashrifi yuqori darajadagi muloqotlarning izchil faollashuviga zamin yaratishini qayd etdi.

Chexiya yetakchisi transport, mashinasozlik, energetika, tibbiyot kabi sohalardagi hamkorlik ikki tomonlama manfaatli boʻlishini maʼlum qildi. Petr Pavel Oʻzbekiston bilan munosabatlarni koʻp tomonlama formatda jadallashib borayotganiga alohida eʼtibor qaratdi. U Yevropa Ittifoqining “Global darvoza” (Global Gateway) strategiyasi doirasida transport sohasida oʻzaro bogʻliqlikni kuchaytirish boʻyicha hamkorlikni olib borish ikki mintaqaning iqtisodiy aloqalarni rivojlantirishga xizmat qilishini taʼkidlab oʻtdi.

Suhbat soʻnggida Chexiya Prezidenti Petr Pavel Oʻzbekiston rahbariyati va xalqiga muvaffaqiyat va farovonlik tiladi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling