Toshkentning ikkita tumanida issiqlik taʼminoti vaqtinchalik toʻxtatiladi

Issiq suv taʼminoti esa oʻzgarishsiz qoladi

Toshkent shahrining Uchtepa tumani, Shayxzoda koʻchasidagi 700 mm diametrli magistral issiqlik quvurida (IM-5 dan M-0-1a gacha boʻlgan hududda) nosozlik aniqlandi. Bu haqda Veolia Energy Tashkent MCHJ kompaniyasi xabar berdi.

Maʼlum qilinishicha, avariyaviy-tiklov xizmati hozirda taʼmirlash ishlarini boshladi. Barcha zarur texnika va uskunalar yordamida muammoni tezda bartaraf etilib, issiqlik taʼminotini qisqa fursatda tiklashga harakat qilinmoqda.

Olib boriladigan taʼmirlash ishlari munosabati bilan soat 10:00 dan 18:00 gacha issiqlik taʼminoti vaqtinchalik toʻxtatiladi (issiq suv taʼminoti esa oʻzgarishsiz qoladi).

Quyidagi manzillarda joylashgan turar-joy va ijtimoiy obyektlarda issiqlik taʼminoti vaqtincha toʻxtatiladi:

  • Uchtepa tumani – Guzar, Qoʻrgʻontepa, Tepaqoʻrgʻon, Xuroson, Zargʻarlik, Shirin koʻchalari; 11, 12, 26, G9a massivlari.
  • Chilonzor tumani (qisman) – Zargʻarlik, Domrobod, Gavhar, Boʻrijar, Naqqoshlik, Katta Dombirobod, Mehrijon, Botirma, G10 massivi.
telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling