Shavkat Mirziyoyev cho‘llanishga qarshi kurashish va cho‘l iqtisodiyotini rivojlantirish, shuningdek, shaharlarda “yashil shahar” tamoyillarini joriy etish yuzasidan takliflar taqdimoti bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Unda 2026-2030-yillarda cho‘llanishga qarshi kurashish ishlarini yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi. Jumladan, 1,27 mln gektarda o‘rmon barpo etish va qayta tiklash, cho‘l, tog‘ va tog‘oldi hududlarda 16 ming gektar himoya o‘rmonzorlari yaratish rejalashtirilgan.
Surxondaryo viloyatida 10 ming gektar maydonda yashil qoplamalar tashkil etish, Sirdaryo viloyatining chegaradosh hududlarida 84 kilometrlik “yashil devor” barpo qilish, tog‘ va tog‘oldi hududlarida “terrasa” usulida daraxt va butalar ekish, degradatsiyaga uchragan yerlarda zamonaviy agrotexnologiyalarni sinovdan o‘tkazish taklif qilindi.
Davlat rahbari cho‘l hududlariga faqat ekologik muammo sifatida emas, balki yangi iqtisodiy imkoniyatlar manbai sifatida qarash zarurligini taʼkidladi.
Shu maqsadda “cho‘l iqtisodiyoti” yondashuvini rivojlantirish, qo‘riq va sho‘rlangan yerlarda barqaror daromad manbalarini yaratish, cho‘l o‘simliklari urug‘chiligi va ko‘chatchiligini yo‘lga qo‘yish, galofit o‘simliklar yetishtirish, yaylovlar mahsuldorligini oshirish, chorvachilik, ekologik turizm va ilmiy tadqiqotlarni kengaytirish muhimligi ko‘rsatib o‘tildi.
Bu borada Qoraqalpog‘istonda cho‘l o‘simliklari ko‘chatxonalarini tashkil etish, Orolning qurigan tubida ilmiy ekspeditsiyalar o‘tkazish, Bobotog‘ hududida zamonaviy usullar asosida pista plantatsiyalarini rivojlantirish, galofit bog‘lar tarmog‘ini kengaytirish taklif etildi.
Shuningdek, qurg‘oqchilikka chidamli o‘simliklar va urug‘lar bo‘yicha mintaqaviy bank yaratish, xalqaro fondlar va xususiy investitsiyalarni jalb etish masalalari muhokama qilindi.