Oʻzbekistonning Davlat chegarasi rejimi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi

Nizom Davlat chegarasini shaxslar va transport vositalari tomonidan kesib oʻtishni belgilaydi

Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Davlat chegarasiga oid ayrim normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi.

Hujjat bilan Oʻzbekistonning Davlat chegarasi rejimi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlangan boʻlib, u Davlat chegarasini jihozlash, Davlat chegarasini shaxslar va transport vositalari tomonidan kesib oʻtish, u orqali tovarlarni olib oʻtish, chegarada xoʻjalik faoliyatini hamda boshqa faoliyatni amalga oshirish, shuningdek, chegaraviy mojarolarni hal etish tartibini belgilaydi.

Shuningdek, Oʻzbekiston hududida chegara rejimi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi. Nizom chegara zonasiga kirish (undan chiqish), undan oʻtish, u yerda boʻlish (yashash), harakatlanish, xoʻjalik faoliyatini hamda boshqa faoliyatni amalga oshirish tartibini belgilaydi.

Chegara zonasida doimiy yashaydigan shaxslar chegara zonasi doirasida roʻyxatga olish varaqasini olmasdan harakatlanishi mumkin. Chegara zonasida doimiy yashamaydigan va 5 kundan ortiq muddatga keladigan fuqarolar ichki ishlar organlari tomonidan beriladigan roʻyxatga olish varaqasini olishlari shart. Buning uchun ular profilaktika inspektori yoki mahalla fuqarolari yigʻini raisiga murojaat etishlari lozim.

Roʻyxatga olish varaqasini amal qilish muddati – bir oy. Uning shakli bilan shu yerda tanishish mumkin.

Chegara zonasida joylashgan aholi punktlariga xizmat safariga yuboriladigan shaxslar ularning shaxsini tasdiqlovchi hujjatlar va xizmat safari hujjatlariga ega boʻlishlari lozim.

Chegara zonasida joylashgan sanatoriy, dam olish uylari, pansionatlar, turistik bazalar va boshqa davolash-sogʻlomlashtirish muassasalariga boradigan fuqarolar ushbu zonada shaxsni tasdiqlovchi hujjatlar, sanatoriya va turistik yoʻllanmalar yoki ushbu muassasalar tomonidan beriladigan maʼlumotnomalar boʻyicha boʻladilar.

Bolalar chegara zonasida joylashgan dam olish oromgohlari va bolalar uchun boshqa muassasalarda yoʻllanmalar asosida boʻladi. Ushbu muassasalardagi bolalarning ota-onalari farzandlarini koʻrish uchun chegara zonasida shaxsni tasdiqlovchi hujjatlar asosida 5 kun davomida boʻladilar.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling