1-apreldan cheklangan savdo ustamalari faqat retsept bilan beriladigan dori vositalari toifasiga nisbatan tatbiq etiladi

Prezidentning “Farmatsevtika tarmogʻini jadal rivojlantirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoni qabul qilindi

Prezidentning “Farmatsevtika tarmogʻini jadal rivojlantirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoni qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.

Farmonga koʻra, Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi zimmasiga quyidagi qoʻshimcha vazifalar yuklatildi:

  • biologik faol qoʻshimchalar va kosmetika mahsulotlari sanoatini rivojlantirish, shu jumladan, bozor konyunkturasini oʻrganish, tahlil qilish va ishlab chiqarishni mahalliylashtirish, ushbu yoʻnalishdagi soha korxonalariga ilgʻor xorijiy amaliyot va standartlarni tatbiq etishga koʻmaklashish;
  • mahalliy hokimliklar bilan birgalikda hududiy farmatsevtika korxonalarining investitsiya loyihalarini monitoring qilish va hisobini yuritish;
  • farmatsevtika sohasini raqamlashtirish va axborot dasturlarini joriy etish.

2025-yil yakunigacha Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazining laboratoriyasi Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining dastlabki kvalifikatsiya (prequalification) tartibidan oʻtkaziladi.

2025-yil 1-apreldan cheklangan savdo ustamalari faqat retsept bilan beriladigan dori vositalari toifasiga nisbatan tatbiq etiladi.

Shuningdek, bir ishlab chiqaruvchi tomonidan turli savdo nomlari ostida tarkibi bir xil boʻlgan dori vositalarini ishlab chiqarishda ushbu dori vositalarining barchasiga nisbatan eng past referent narx qoʻllanadi.

“Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi” tomonidan xorijiy valyutada qayd etilgan referent narxlar belgilangan hollarda avtomatik ravishda (tadbirkor murojaatisiz) qayta koʻrib chiqiladi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling