Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan boshqa huquqni muhofaza qiluvchi idoralar bilan hamkorlikda joylarda oʻtkazilgan tezkor tadbirlarda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Xorazm va Andijon viloyatlarida qonunbuzilishi holatlari aniqlandi.
Jumladan, Andijon viloyati favqulodda vaziyatlar boshqarmasining tuman boʻlimi boshligʻi bino va inshootlarga yongʻinga qarshi jihozlarni oʻrnatish bilan shugʻullanuvchi masʼuliyati cheklangan jamiyat tomonidan tumandagi ijtimoiy soha obyektlarining bino va inshootlari yogʻoch qismlariga yongʻin xususiyatini susaytiruvchi maxsus suyuqlik eritmasi bilan ishlov berilganligi toʻgʻrisidagi dalolatnomalarni tasdiqlab berish evaziga, oʻzining xizmat xonasida 7 mln. 300 ming soʻm olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasida kuzatilgan holatda, Nukus shahar favqulodda vaziyatlar boʻlimining mansabdor xodimi aholi va tadbirkorlik subyektlariga yongʻin xavfsizligini taʼminlash boʻyicha texnik xizmat koʻrsatuvchi masʼuliyati cheklangan jamiyat tashkil etmoqchi boʻlgan fuqaroga kelgusida uning faoliyatiga rahnamolik qilishini aytib, evaziga har oyda 200 AQSH dollari miqdorida pul berishini talab qiladi. Ammo, bu uchun oldindan 4 mln. soʻm olgan vaqtida ushlandi.
Savdo-sanoat palatasi Xorazm viloyati boshqarmasining shahar boʻlimi boshligʻi oilaviy korxonaning mavjud kredit qarzdorligini tijorat bankning “Markazlashtirilgan kredit tarixi” axborot markazi bazasidan oʻchirtirib, ushbu bankdan 100 mln. soʻm miqdorida imtiyozli kredit olib berish evaziga 1500 AQSH dollari talab qilib, oldindan 10 mln. soʻm olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Boshqa holatda esa Andijon viloyati Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi boshqarmasining Asaka tuman boʻlimi bosh inspektori muqaddam sudlanganligiga qaramasdan, 2021-yilda tuman hokimining qarori bilan Yoshlar sanoat zonasi hududidan oʻzining qarindoshiga sintepon mahsuloti ishlab chiqarish faoliyati bilan shugʻullanish maqsadida 30 yil muddatga ijara asosida ajratilgan 5 sotix yer maydonini tadbirkorlik bilan shugʻullanmoqchi boʻlgan fuqaro nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 20 ming AQSH dollari olgan vaqtida ushlandi.
Xorazm viloyati Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi bosh boshqarmasi Urganch shahar boʻlimining bosh mutaxassisi 470 m2 yer maydonida koʻp qavatli uy qurishga ruxsat beruvchi hujjatlarni rasmiylashtirib, qurilish ishlariga nisbatan aholining roziligi boʻyicha dalolatnomalarni tayyorlab berish evaziga 30 mln. soʻm talab qiladi. Lekin, bosh mutaxassis soʻralgan pul mablagʻidan 20 mln. soʻmni olgan vaqtida ushlandi.
Shuningdek, tergovga qadar tekshiruv davomida ushbu noqonuniy ishga viloyat Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi bosh boshqarmasining Urganch shahar boʻlimi boshligʻi oʻrinbosari ham aloqador ekanligi aniqlandi.
Hozirda mazkur shaxslarning barchasiga nisbatan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling