Ijtimoiy tarmoqlarda avtobus salon oynasiga ayollar va erkaklar joylashuvi koʻrsatilgan poster surati tarqalib, keng muhokamaga sabab boʻldi. “Toshshahartransxizmat” ushbu holat boʻyicha izoh berdi.
Ushbu holatga oydinlik kiritish maqsadida, Jamiyat masʼul xodimlari tomonidan keng koʻlamli ishlar amalga oshirilib, avtobus salonida joylashtirilgan kuzatuv kamerasidagi tasvirlar tekshirib chiqildi.
Maʼlum boʻlishicha, ikki nafar nomaʼlum fuqaro avtobusga chiqib, salonning ichki qismida ayollar va erkaklar joyi ajratilganligini targʻib qiluvchi posterni yopishtirib, uni shaxsiy mobil telefoniga suratga olgan va avtobusdan tushib ketgan.
Mazur ikki fuqaroning shaxsiga aniqlik kiritish va qilgan xatti-harakatlariga huquqiy baho berish hamda ularga qonuniy jazo choralarini qoʻllash uchun “Toshshahartransxizmat” AJ tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat yoʻllangan.
“Bundan tashqari, yuqoridagi kabi holatlarni oldini olish maqsadida, barcha avtobus haydovchilari va chiptachilari oʻrtasida navbatdan tashqari yoʻriqnomalar oʻtkazilayotganligini, shuningdek, avtobus salonida turli xildagi axborot materiallari tarqatilishini oldini olish, jamoat transportida eʼlon qilinishi belgilanmagan maxsus posterlardan foydalanmaslik hamda ish faoliyati davomida haydovchi va chiptachilardan yanada hushyor holda ish yuritishlari yuzasidan tushuntirish ishlari olib borilmoqda”, — deyiladi xabarda.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling