Toshkent shahrida atmosfera havosining ifloslanish darajasining ortib borayotganligi va “salbiy” reytinglarda yetakchi oʻrinlarga chiqayotganligi haqida ijtimoiy tarmoqlarda eʼlon qilingan xabarlar barchada asosli tashvish va qaygʻu uygʻotmoqda. Bu haqda Bosh prokuratura xabar bermoqda.
Maʼlum qilinishicha, poytaxt atmosfera havosini ifloslanishiga quruq iqlim, qumli va qumloq tuproqlar kabi tabiiy omillar bilan bir qatorda iqlim oʻzgarishi, sanoat va avtotransport vositalaridan tashlamalar chiqarish hajmlarining oshib borishi, eʼlon qilingan moratoriy davrida ham qimmatbaho daraxtlar noqonuniy kesilishi, shaharsozlik bosh rejalari tasdiqlanmasdan qurilish ishlarining jadal amalga oshirilishi bevosita taʼsir koʻrsatmoqda.
Prokuratura organlari ushbu holatlarni inobatga olib, “Atmosfera havosini muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi qonun, Prezidentning tegishli farmonlari va topshiriqlari hamda sohaga oid boshqa qonun hujjatlarining ijrosini ahvoli atmosferaga chiqarilayotgan zararli tashlamalar miqdorini kamaytirish va atmosfera havosining holatini yaxshilashga asosiy eʼtiborni qaratgan holda joriy yilning sentyabr oyidan boshlab respublika boʻyicha rejaviy tekshirish tadbirlari oʻtkazilishini yoʻlga qoʻydi.
Tahlillarda I va II toifaga kiruvchi, atrof - muhitga taʼsiri yuqori boʻlgan sanoat korxonalarida 2024-yilda belgilangan zamonaviy chang-gaz tozalash uskunalarini oʻrnatish ishlari paysalga solinayotganligi, shu jumladan Toshkent viloyatda 27 ta korxonadan 19 tasida, Toshkent shahrida esa 31 ta korxonadan 8 tasidagina bu ishlar amalga oshirilganligi maʼlum boʻldi.
Mavjud vaziyatdan kelib chiqib, Toshkent shahri va Toshkent viloyatidagi tekshirishlar Ekologiya, Sogʻliqni saqlash, Transport, Ichki ishlar, Favqulodda vaziyatlar vazirliklari, Gidrometeorologiya xizmati agentligi, Qurilish sohasida nazorat inspeksiyasi va boshqa mutasaddi tashkilotlar mutaxassislari jalb qilingan holda bevosita Bosh prokuratura tomonidan 22-oktyabridan boshlab amalga oshirila boshlandi.
“Bosh prokuratura tomonidan aniqlangan qonunbuzilishi holatlari alohida nazoratga olinishi hamda ular boʻyicha keskin va murosasiz choralar koʻrib borilishi qatʼiy taʼminlanadi”, — deyiladi xabarda.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling