Elektron shaklda sugʻurta polislarini rasmiylashtirish tartibi tasdiqlandi

Hujjat 3 oydan soʻng kuchga kiradi

Istiqbolli loyihalar milliy agentligi direktorining buyrugʻi bilan elektron shaklda sugʻurta xizmatlarini koʻrsatish tartibi tasdiqlandi. Hujjat 3 oydan soʻng kuchga kiradi.

Prezident qaroriga muvofiq barcha turdagi sugʻurta shartnomalari (qayta sugʻurtalash) va sugʻurta polislarini Yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali majburiy roʻyxatdan oʻtkazish joriy etilmoqda.

Barcha turdagi sugʻurta polislarini qogʻoz shaklida rasmiylashtirish bekor qilinishi munosabati bilan elektron shaklda sugʻurta xizmatlarini koʻrsatish tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi. U quyidagilarni belgilaydi:

— Yagona axborot tizimi orqali barcha turdagi sugʻurta shartnomalarini roʻyxatdan oʻtkazish va sugʻurta polislarini rasmiylashtirish tartibi;

— sugʻurtalovchilar tomonidan Yagona axborot tizimidan foydalanish talablari va shartlari, shuningdek Moliya vazirligi huzuridagi Sugʻurta bozorini rivojlantirish agentligining koʻrsatmalariga muvofiq huquqbuzarliklarni bartaraf etish davrida undan foydalanishni toʻliq yoki qisman toʻxtatib turish va boshqalar.

Yangi tartib sugʻurta mukofotlarini hisoblashni avtomatlashtirish orqali majburiy sugʻurta shartnomalarini tuzish jarayonlarini soddalashtiradi, sugʻurtalovchini tanlash huquqi bilan shartnomalarni elektron shaklda majburiy tuzish imkoniyatini taʼminlaydi, shuningdek sugʻurta daʼvolarini tartibga solishni nazarda tutadi.

Agar sugʻurta polislari Yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali rasmiylashtirilmagan boʻlsa, ular haqiqiy emas deb hisoblanadi va bu sugʻurtalovchining litsenziya talablari va shartlarining bir martalik qoʻpol buzilishi deb eʼtirof etiladi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling