Prezident Shavkat Mirziyoyev 19-fevral kuni energiya samaradorligini oshirish boʻyicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Tahlillarga koʻra, Oʻzbekistonda 1 dollarlik yalpi ichki mahsulot yaratish uchun dunyodagi oʻrtacha koʻrsatkichdan 2,5 barobar koʻp energiya sarflanayapti. Elektr tarmoqlaridagi yoʻqotishlar 14 foiz, tabiiy gazda esa 7 foizdan yuqori.
Shu bois olimlar jalb qilinib, joylarda energiyani tejash imkoniyatlari ilmiy asosda oʻrganilmoqda. Hozirgacha 7 ta viloyatda 4,6 milliard kilovatt-soat elektr va 1 milliard kub metr gazni iqtisod qilish imkoniyatlari aniqlangan.
Taqdimotda shu kabi oʻrganishlar asosida ishlab chiqilgan takliflar muhokama qilindi.

Misol uchun, suv xoʻjaligidagi eski nasoslarni zamonaviysiga almashtirib, yiliga 1 milliard kilovatt-soat elektrni tejash mumkin. Ijtimoiy muassasalarda qozonxonalarni yangilash, “yashil” energiyadan foydalanish orqali bu yil 5 million kub metr gaz, 15 million kilovatt-soat elektrni iqtisod qilsa boʻladi.
Umuman, bu yil 1,6 milliard kub metr gaz va 3,5 milliard kilovatt-soat elektrni tejash moʻljallangan. Buning uchun har bir korxona va tashkilotga ilmiy asoslangan chora-tadbirlar yetkaziladi.
Jumladan, yirik sanoat korxonalarida bir mahsulot birligi ishlab chiqarishga ketadigan energiya meʼyori belgilanadi. Shuning oʻzidan energiya sarfi 5-10 foizga qisqaradi. Ijtimoiy obyektlarda energiya tejamkor uskunalarni oʻrnatish boʻyicha manzilli dastur tasdiqlanadi.
Koʻp qavatli uylarda issiqlikni yaxshi saqlash uchun ularni izolyatsiyalash kengaytiriladi. Xonadonlarda geliokollektor va quyosh paneli oʻrnatishga arzon kreditlar beriladi. Isteʼmolchilar Yaponiya tajribasi asosida energiya tejash savodxonligi boʻyicha oʻqitiladi.
Davlat rahbari iqtisodiyotning barcha tarmoqlari, ijtimoiy soha va uy-joylarda tejamkorlik muhimligini taʼkidladi. Hudud va tarmoqlar kesimida energiya isrofini kamaytirish, talon-torojliklarning oldini olish boʻyicha qatʼiy koʻrsatmalar berildi.