Yaqin Sharqdagi vaziyat keskinlashgani va havo hududining bir qismi yopilganligi sababli bugun ertalab bir nechta aviakompaniya samolyotlari o'z yo‘nalishlarini o‘zgartirishga majbur bo‘ldi.
"Jazeera Airways" aviakompaniyasining Toshkent – Quvayt yo‘nalishi bo‘yicha J9-1650 reysi soat 04:50da uchib Toshkent aeroportiga qaytdi – samolyot mahalliy vaqt bilan soat 07:06da jo'nash aeroportiga qo‘ndi.
Shuningdek, "Fly Dubai" aviakompaniyasining Dushanbe – Dubay yo‘nalishi bo‘yicha FZ-778 reysi ekipaji Toshkentdagi muqobil aerodromga yo‘l olishga qaror qildi. Samolyot mahalliy vaqt bilan soat 08:32 da Toshkentga kelib qo‘ndi. Ekipajning dam olishi munosabati bilan Toshkentdan uchish mahalliy vaqt bilan soat 21:00ga belgilangan. Yo‘lovchilar mehmonxonaga joylashtiriladi.
"Fly Dubai" aviakompaniyasining Toshkent – Dubay yo‘nalishi bo‘yicha FZ-1942 reysi ham soat 04:58da havoga ko‘tarilib, 06:58 da Ashxoboddagi muqobil aerodromga qo‘ndi.
"Centrum Air" aviakompaniyasining Jidda – Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha C6-702 reysi ham xuddi shu sabab bilan Ar-Riyoddagi muqobil aerodromga qo‘ndi. Shuningdek, Madina – Farg‘ona yo‘nalishi bo‘yicha C6-3336 reysi ham Toshkent vaqti bilan soat 08:17 da Al-Maktum (Dubay) aeroportiga qo‘ndi.
Ushbu reyslarning jo'nab ketishi haqidagi to'liq ma'lumotlarni aviakompaniya vakillaridan olish mumkin.
Shuningdek, marshruti Eron havo hududi orqali amalga oshiriladigan bir qator reyslar Oʻzbekiston shaharlaridan kechikish bilan uchib ketdi.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling