Prezident uy-joy qurilishida eskrou tizimi boʻyicha huquqiy asos yaratishni topshirdi

Shavkat Mirziyoyev uy-joy qurilishida aholi mablagʻlarini kafolatlash tizimiga oid taqdimot bilan tanishdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev uy-joy qurilishida aholi mablagʻlarini kafolatlash tizimiga oid taqdimot bilan tanishdi.

Mamlakat aholisi 37 milliondan oshdi. Shu yilning oʻzida 215 mingta oila paydo boʻldi. Albatta, bularning barchasi uy-joyga talabni koʻpaytiradi.

Joriy yilda 100 ming xonadonli koʻp qavatli uylar foydalanishga topshiriladi. Kelgusi yilda 120 mingta qurilishi rejalashtirilgan.

Shu bilan birga, talab koʻpligidan foydalanib, bu sohada insofsiz biznes qilayotganlar ham bor. Toʻlov tizimi tartibga solinmagani, raqamlashtirish va ochiq-oshkoralik yoʻqligi bunga yoʻl ochib berayapti. Yangi uylarni olmoqchi boʻlgan odamlar pulini bank orqali emas, toʻgʻridan-toʻgʻri quruvchiga berayotgani uchun bu mablagʻlar “soya”da qolayapti. Koʻp hollarda uylarni topshirish muddati kechikib, aholi toʻlagan pullar “muzlab” turibdi. Ulushdorlik shartnomalari hech qayerda roʻyxatga olinmay, faqat quruvchining manfaatiga xizmat qilayapti.

Shu bois davlatimiz rahbari 23-sentyabr kuni qurilish industriyasi boʻyicha oʻtgan yigʻilishda uy-joy sotib olishda aholi mablagʻlarini kafolatlaydigan tizim yaratish topshirigʻini bergan edi. Taqdimotda shu boradagi takliflar koʻrib chiqildi.

Qayd etilganidek, xorijiy davlatlarda “yescrow” tizimi tajribadan oʻtgan. Unga koʻra, buyurtmachi va tijorat banki oʻrtasida tuziladigan shartnomaga asosan, har bir qurilish inshooti boʻyicha “yescrow” hisobvaragʻi ochiladi. Koʻchmas mulk uchun kelishilgan mablagʻlar ushbu hisobvaraq orqali amalga oshiriladi. Unda yigʻiladigan mablagʻlar asosida tijorat banklari buyurtmachiga pasaytirilgan foizda kredit taqdim etadi. Qurilish bitgach, xaridorning hisobvaragʻidagi pul developer tashkilotga oʻtkaziladi. Quruvchi oʻz majburiyatini bajarmagan taqdirda, bu pul egasiga qaytarib beriladi. “Yescrow” hisobvaragʻida turgan mablagʻlarga undiruv qaratilmaydi.

Prezident takliflarni maʼqullab, bu borada huquqiy asos yaratish, mazkur tizimni qurilishga aloqador vazirlik va idoralarda integratsiya qilish boʻyicha koʻrsatmalar berdi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling