Farg‘ona va Buxoro viloyatlarida anomal issiq sabab barcha davlat va nodavlat maktabgacha ta‘lim tashkilotlari faoliyati vaqtincha to‘xtatildi.
Farg‘ona viloyati hokimligi axborot xizmatining ma‘lum qilishicha, shahar va tuman hokimlarining tegishli farmoyishlariga asosan, 16–17-iyul kunlari bog‘chalar faoliyati to‘xtatiladi.
Ular 20-iyul, dushanba kunidan boshlab odatiy tartibda ishini davom ettiradi.
Buxoro viloyatida esa Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasi xulosasi asosida 15–17-iyul kunlari barcha maktabgacha ta‘lim tashkilotlari faoliyati vaqtincha to‘xtatildi.
Viloyatda joriy hafta havo harorati 44–45 darajagacha ko‘tarilishi prognoz qilinmoqda.
Har ikki viloyat hokimligi ota-onalarni farzandlari salomatligiga alohida e‘tibor qaratishga, ularni kunning eng issiq vaqtlarida ochiq havoda uzoq qoldirmaslikka, yetarli miqdorda suyuqlik ichishini ta‘minlashga hamda shifokorlar tavsiyalariga amal qilishga chaqirdi.