23-fevral kunidan 24-fevral kuniga oʻtar kechasi Fargʻona xalqasi avtomobil yoʻlining Bogʻdod tumani, “Qaxat” MFY hududidan oʻtgan 286 kilometrida yoʻlning oʻng tomonidan oqib oʻtuvchi Fargʻona kanalida suv sathi koʻpayib avtomobil yoʻlining tag qismidan sizib oʻtishi natijasida asfalt yoʻl qoplamasida choʻkish yuzaga kelgan.

Hozirgi vaqtda mazkur avtomobil yoʻlining Qoʻqon-Fargʻona yoʻnalishi boʻyicha 285 kilometr va Fargʻona-Qoʻqon yoʻnalishining 288 kilometrlaridan vaqtinchalik harakat cheklangan.
Ushbu tumanning 40V 047 “Bogʻdod-Dasht-Utarma” (Qoʻqon-Fargʻona) va 40V 046 “Yangi qoʻrgʻon-Utarma-Qaqir” (Fargʻona-Qoʻqon) avtomobil yoʻllari orqali harakat tashkil etilgan va yoʻl choʻkkan qismida taʼmirlash ishlari olib borilmoqda.
Mazkur avtomobil yoʻli 2024-yil avgust oyida joriy taʼmirlangan.

Transport vositasi harakat jadalligi sutkasiga 30 — 35 mingni tashkil etadi. Harakat vaqtincha toʻxtatilib, tashkil etilgan avtomobil yoʻllarining 25 km ga uzaygan.
24-fevral kuni soat 18:00 ga qadar avtomobil yoʻlida taʼmirlash ishlari yakunlanib transport vositalarining harakati yoʻlga qoʻyilishi rejalashtirilgan.