Farg‘ona viloyatida 4,1 mlrd so‘mlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalangan metan zapravka aniqlandi. Bu haqda “O‘zenergoinspeksiya” xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, “F.P. S” MChJga qarashli Farg‘ona tumani, Novkent shaharchasida joylashgan avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shaxobchasi tabiiy gazdan noqonuniy foydalanib kelgan.
Xususan, shaxobchada gaz iste‘moli hajmini o‘zgartirish maqsadida o‘lchov tizimidagi patrubka ichki qismiga davlat standarti talablariga zid tashqi ta‘sir ko‘rsatilgan.
Dastlabki hisob-kitoblarga asosan davlat manfaatlariga yetkazilgan zarar miqdori 4 milliard 193 million so‘mni tashkil etgan.
Mazkur holat yuzasidan huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda.
Shuningdek, Toshkent shahar Olmazor tumanidagi “V.K.” MCHJ mansabdor shaxslari jamiyatga qarashli qurilish obyektini o‘zboshimchalik bilan tarmoqqa ulashi oqibatida 1,4 mlrd so‘mlik elektrni talon-toroj qilgan.

Hozirda Olmazor tumani prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.