Farg‘ona tumanining “Mindonobod” MFYdagi uylardan birida sintetik giyohvandlik vositalari tayyorlash maqsadida tashkil etilgan narkolaboratoriya fosh etildi. Bu haqda DXX xabar berdi.
Aniqlanishicha, Marg‘ilon shahrida yashovchi, 1990 va 2001 yillarda tug‘ilgan 3 nafar shaxs mazkur xonadonni har oyiga 250 dollardan ijaraga olib, u yerda giyohvandlik vositalari tayyorlash bilan shug‘ullangan.
Ko‘zdan kechirish davomida, ushbu manzildan 8 kg 185 gramm Alfa-PVP, 4 kg 209 gramm “Spays”, 427 gramm “Mefedron” sintetik narkotik moddalar hamda ularni tayyorlashda kerak bo‘ladigan 12 kg 326 gramm maxsus suyuqlik va 13 kg 925 gramm tamaki mahsulotlari ashyoviy dalil sifatida olindi.
Ekspertiza xulosasiga ko‘ra, tezkor tadbir davomida olingan jami 12 kg 821 gramm sintetik narkotik moddalarning qora bozordagi bahosi 9 mlrd 185 mln so‘mni tashkil etadi.
Tergovga qadar tekshiruv davomida aniqlanishicha, qonunbuzarlar internet tarmog‘i orqali giyohvandlik vositalari sotish bilan shug‘ullanuvchi jinoiy guruh aʼzolari tomonidan “zakladka” usulida yetkazib berilgan xom-ashyo mahsulotlari asosida narkotik moddalar tayyorlab, viloyat bo‘yicha belgilangan xufiya joylarga qoldirib, ularning geolokatsiyasini jinoiy guruh aʼzolariga yuborib turishgan.
Buning evaziga uchala shaxsning har biri haftasiga kriptovalyuta ko‘rinishida 500 dollardan maosh olgan.
Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining 273-moddasi 4-qismi “b” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanildi.