Toshkent viloyatida belgilanmagan joyga chiqindi tashlagan 21 yoshli shaxs chiqindini oʻzi tozaladi

Huquqbuzarga nisbatan 1 million 125 ming soʻm miqdorida jarima qoʻllanildi

Toshkent viloyati Yuqori Chirchiq tumani Nurafshon MFY hududida fuqaro M.J. tomonidan huquqbuzarlik sodir etildi.

Holat hududda oʻrnatilgan onlayn kuzatuv kamerasiga muhrlangan. Toshkent viloyati Ekologiya boshqarmasi Yuqori Chirchiq tuman boʻlimi inspektorlari tomonidan 2003-yilda tugʻilgan fuqaro M.J. davlat raqami “01 506 WHA” boʻlgan avtotransport vositasida belgilanmagan joyga chiqindi tashlagani aniqlandi.

Huquqbuzarga nisbatan MJtKning 91-prim 1-moddasi 1-qismiga asosan maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirilib, bazaviy hisoblash miqdorining 3 baravari — 1 million 125 ming soʻm miqdorida jarima qoʻllanildi.

Shuningdek, M.J. transport vositasida oʻzi tashlagan chiqindilarni Yuqori Chirchiq tuman boʻlimi hududidagi poligonga joylashtirdi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling