Farrux Tursunov O‘zbekistonning Andorradagi elchisi (qarorgohi Madrid shahrida joylashgan) etib tayinlandi. Bu haqda “Dunyo” AA xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, elchi Andorra knyazi-hamraisi, Urxelsk yepiskopi Joan Enrik Vives-i-Sisilga ishonch yorliqlarini topshirdi.
Tantanali marosimdan so‘ng bo‘lib o‘tgan suhbat chog‘ida Urxelsk yepiskopi elchini samimiy qutlab, O‘zbekistonda kechayotgan o‘zgarishlar jarayonlarini katta qiziqish bilan kuzatib borishini taʼkidladi. U, shuningdek, mamlakatimiz rahbariyatining, ayniqsa, bugungi murakkab geosiyosiy sharoitda tinchlik, barqarorlik va xalqaro muloqotni taʼminlashga qaratilgan oqilona va uzoqni ko‘zlagan siyosatini yuksak baholadi.
Andorra hamraisi O‘zbekiston millatlararo va konfessiyalararo totuvlikning muvaffaqiyatli namunalarini ko‘rsatayotgani, 130 dan ortiq millat va elatlar, shuningdek, 2000 dan ortiq diniy tashkilotlar tinch va o‘zaro hurmat muhitida istiqomat qilayotganini eʼtirof etdi. Shuningdek, u davlat siyosatining ijtimoiy yo‘nalishi va O‘zbekistonning xalqaro kun tartibidagi faol ishtirokini taʼkidladi.
Andorra kichik bo‘lishiga qaramay, O‘zbekiston bilan munosabatlarni rivojlantirishga katta ahamiyat berayotgani, uni muhim va hurmatli hamkor sifatida qabul qilishi alohida qayd etildi.
Yepiskop O‘zbekistonning iqtisodiy dinamikasini, jumladan, COVID-19 pandemiyasi davrida mamlakat barqaror o‘sish surʼatlarini ko‘rsatib, inqirozdan ijobiy ko‘rsatkichlar bilan chiqqanini diqqat bilan kuzatib borgani samarali islohotlar samarasi ekanini bildirdi.
O‘zbekistonning sayyohlik salohiyati, xususan Samarqand shahrining buyuk tarixi va madaniy merosiga eʼtibor qaratildi.
Bundan tashqari, Andorra hamraisi O‘zbekistonga tashrif buyurish istagini bildirdi va andorralik yoshlarning boy tarix va madaniyatga ega mamlakatlarga qiziqishi ortib borayotgani, O‘zbekiston esa bunday yo‘nalishlar orasida alohida o‘rin tutayotganini taʼkidladi.
Uchrashuv yakunida tomonlar O‘zbekiston va Andorra o‘rtasida turli sohalar, jumladan, madaniyat, turizm va xalqaro muloqot kabi ikki tomonlama hamkorlikni yana-da mustahkamlashdan o‘zaro manfaatdor ekanliklarini tasdiqladi.