Toshkent shahar, Uchtepa tumanining Farhod ko‘chasida joylashgan “Avtomobil ehtiyot qismlari” bozorida 12 nafar shaxsdan tashkil topgan jinoiy guruh faoliyatiga chek qo‘yildi. Bu haqda DXX xabar berdi.
Jumladan, jinoiy guruh aʼzolari mijozning avtotransport vositasiga uning ruxsatisiz va oldindan kelishmagan holda turli jihozlar o‘rnatib, texnik xizmat ko‘rsatishgan. Shundan so‘ng, ushbu xizmat bozor narxida 600 dollar bo‘lishiga qaramasdan, fuqarodan 13 300 dollarni tovlamachilik yo‘li bilan undirishgan.
Eʼtiroz bildirib, o‘z haqqini talab qilgan mijozga zo‘ravonlar qo‘rqitish yo‘li bilan tahdid qiladi.
Yana shunga o‘xshash holatda esa jinoiy guruh aʼzolari boshqa bir fuqaroning avtomashinasiga uning roziligisiz turli ehtiyot qismlarni o‘rnatib, undan 3 barobar qimmat narxda pul talab qilishadi. Aniqlanishicha, ular avtomashina kalitini fuqarodan olib qo‘yib, tazyiq o‘tkazish orqali undan 15 mln so‘m undirishgan.
Bundan tashqari, qonunbuzarlar yana 2 nafar fuqaroning avtomashinasini qo‘shimcha ehtiyot qismlar bilan jihozlash uchun ulardan jami 70 mln so‘m pul olib, vaʼda qilingan ishni bajarmagan.
Jinoiy guruh aʼzolarining ko‘pchiligi 1988–2002-yillar oralig‘ida Toshkent shahri, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida tug‘ilgan bo‘lib, ularning aksariyati muqaddam sudlangan shaxslar hisoblanadi.
Hozirda mazkur shaxslarning barchasiga nisbatan Jinoyat kodeksining 165 - (tovlamachilik) va 168 - (firibgarlik) moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanildi.